Yetimlar...
O‘n yil burungi bir voqea yodimga tushdi. Dorilfununning birinchi kursida
o‘qirdim o‘shanda. Qishloqdan Toshkentga qaytyapman. Buxoro-Toshkent poyezdiga
meni uydagilar chiqarib qo‘yishdi. Xayollarim tizginsiz, orzu-o‘ylarim dunyoga
sig‘maydi. Ko‘zlarimga hamma narsa go‘zal, odamlar ham sodda, samimiy
ko‘rinadi. Faqat onamning kuzatuv oldidan: «Qizim, ehtiyot bo‘l» degan so‘zlari
quloqlarim ostida jaranglaydi. «Ehtiyot»likni men o‘zimcha tushundim.
Kupe-vagondagi hamrohlarim — yoshgina juvon va uning tili endigina chiqa
boshlagan Marik ismli o‘g‘ilchasi. Hozir juvonning yuz tuzilishini yaxshi
eslolmayman. Faqat uning o‘ynoqi ko‘zlari, qulog‘idagi kattakon baldog‘i
xotiramda qolgan. U bilan yaqindan tanishgan bo‘ldik, suhbatlashib ketdik.
Samarqanddan o‘tib, qaysidir stantsiyada juvon meni uyg‘otdi. Bolasiga qarab
turishimni, o‘zini esa shu stantsiyada bir tanishi kutib turgani, qo‘lidagi
tugunni unga topshirib qaytishini aytdi. U poyezddan tushdi-yu, ammo qaytib
kelmadi. Maqsadi bolani tashlab ketish ekan.
Oradan yillar o‘tdi. O‘g‘lim — Behzod dunyoga keldi, o‘sha ayolni esladim.
O‘g‘lim — Behruz dunyoga keldi — o‘sha ayolni esladim. Qizim — Gulyuz dunyoga
keldi — yana o‘sha ayolni esladim. Onalik tabiatning ayol zotiga bergan eng
buyuk sharafi ekanligini his qildim — yana o‘sha ayolni esladim. Eslayverdim…
Maqsad-mavzuimiz tirik yetimlar, lahzalik ko‘ngil xushi istagida bir
murg‘ak jonni bir umrlik baxtdan — ota-ona mehridan mosuvo etguvchi nokaslar
haqida desam, muhtaram o‘quvchiga tushunarli bo‘lar.
Men hayot farovonligidan quvondim. Mehr, shafqat degan insoniy xislatlarni
o‘rgandim. Nogoh, taqdir «jinko‘cha»lariga nazarim tushdi. Ko‘rganlarim
tuganmas nafratga aylandi. Qadimiy urf-odatlarimizga ko‘ra, o‘zbek qizining
qo‘shni devoridan bo‘ylab qarashi ham uyat. Yo‘q, biz «ilg‘orlashib» ketdik.
O‘tmish «sarqit»larining ildiziga bolta urdik. Ko‘cha-ko‘ydami, aeroport,
vokzaldami, kinoteatrdami, xullas, ko‘z-ko‘zga tushadi. Tanishamiz. Ko‘p o‘tmay
«muhabbat» paydo bo‘ladi. Uchrashuv, sehrli damlar. So‘ng esa… So‘ng — fojia.
Tug‘ruqxonalar, bolalar uylari — tirik yetimlik.
Hisob-kitoblarga ko‘ra bolalar uylarida tarbiyalanayotgan yetimlar soni
millionga yetibdi. Ularning 95 foizi ota-onasi tirik yetimlar ekan. Urush
yillaridagidan hozirgi dorilomon kunlarda yetimlar soni uch-to‘rt barobar
ko‘payibdi. Nahotki biz shunchalar tubanlashib ketdik? Nahotki o‘zligimizga
qaytishimiz uchun urush yillaridagidek fojialarni boshdan kechirishimiz kerak
bo‘lsa?!
Chaqaloqlarning «inga» ovozlari tug‘ruqxonalarga sig‘may axlat uyumlarida
eshitiladigan bo‘ldi. Urfimizga ko‘ra bir burda nonni axlatga tashlash gunoh
sanalgan. Dunyoga kelib, ona siynasini ko‘rmagan go‘dakni yerga urish nafaqat
gunohi azim, balki o‘taketgan razillik, qabihlik-ku, axir! Men har gal dard va
iztirob bilan ko‘radigan «Nomingni unutma» badiiy filmi sizga ham tanish bo‘lsa
kerak. Fashistlar asirga olgan rus ayoli — ayollar kontslagerida, uning besh
yoshlar chamasi o‘g‘li — bolalar kontslagerida. Kontslagerlar orasi uncha uzoq
emas. Ayol har gal ilojini qilib o‘ziga berilgan bir burda nonini ham o‘g‘liga
tashiydi. Kontslagerning tikanli simlariyu fashistlarning pistirmalari ayolni
cho‘chitmaydi. Ayol har gal o‘g‘li yoniga kelarkan, devor tirqishlaridan unga
non uzatayotib bir so‘zni takrorlaydi: «O‘g‘lim, nomingni unutma. Sening isming
Gena!», Bu-ku bir film. Ammo bugun o‘z bolasini axlat uyumlari-yu temir yo‘l
relslariga ravo ko‘rayotganlar go‘dak bilan so‘ng bor qanday so‘z aytib vidolashar
ekanlar?
48-yildan buyon Toshkentdagi 22-bolalar uyida direktorlik qilayotgan A.
Xlebushkina bilan suhbatlasharkanman, mavzuimiz ota-onasi tirik yetimlarga
ko‘chgani hamon bu ayolning samimiy chehrasidan nur yog‘ib tursa-da,
ko‘zlaridan kutilmaganda yosh sizib chiqdi:
— O‘zi hayot, to‘rt muchasi sog‘, ammo o‘z
farzandidan voz kechayotgan ota-onalarni insonlar deb atagim kelmaydi. Unaqalar
bilan ko‘rishishga sabrim yetmaydi.
— Antonina Pavlovna, tirik yetimlar soni
ko‘payayotganligining sabablari nimada deb o‘ylaysiz?
— Buning sabablari juda ko‘p. Yengil-elpi, o‘ylamay
qadam tashlashning oqibatida og‘iroyoq bo‘lib, arosatda qolgan qizlar ko‘payib
ketyapti. Ular to‘ysiz, nikohsiz bolali bo‘lishga or qilishadi-da, eng oson
yo‘li — undan voz kechib qo‘yaqolishadi. Men bunday qizlarning tarbiyasiga
boshdan putur yetgan deb o‘ylayman. Ota-ona tarbiya, nazoratni bo‘sh qo‘ydimi,
farzand har qanday ko‘chaga kirishdan hazar qilmaydi. Mening mingdan ortiq
o‘g‘il-qizlarim, nabira-chevaralarim bor. Shukrki, shu choqqacha birorta
o‘g‘il-qizim yuzimni yerga qaratgani yo‘q.
Tirik yetimlarning ko‘payayotganligi sabablaridan yana biri: erkak oilasiga
xiyonat qiladi. Agar ayol oqila bo‘lsa, bolalarini hech kimga ravo ko‘rmay
jonida asrab katta qiladi. Agar u ham erdek o‘z rohatini o‘ylasa, bolalar uyiga
topshiradi.
Antonina Pavlovna bilan uchrashgunimga qadar men bolalar uyini boshqacha
tasavvur qilar edim. Biz xonalarni birma-bir aylanar ekanmiz, tasavvurlarim
yorishdi. Ozoda, shinam xonalar bu yerdagi hayotning go‘zalligidan,
ta’lim-tarbiyaning uyg‘unligidan darak beradi. Dunyodagi bor ezgulik
Xlebushkina singari ayollar fidoyiligidan yaralishiga ishondim.
Hovliga chiqarkanmiz, mevazor boqqa o‘rnatilgan o‘rindiqda kitob o‘qib
o‘tirgan qizchaga ishora qilib:
— Boring, suhbatlashing, — dedi
Antonina Pavlovna.
Bordim. Qizcha sapchib o‘rnidan turdi-da, salomlashdi. Ismini so‘radim.
— Ismim Muqaddas. 6-sinfda
o‘qiyman, — javob berdi u. Muqaddas bilan ancha suhbatlashdim. U maktabda
o‘qish bilan birga muzika maktabida ham tahsil olarkan.
— Muqaddas, bu yerga qanday kelib
qolgansan? Savolimdan o‘zim iztirobga tushaman.
— Dadam bizni tashlab ketganlar.
Oyimlar kasallar. Men, singlim va ikki ukam shu yerda yashaymiz.
— Dadang kelsa ketarmiding?
— Kelishlariga ishonmayman.
«Kelishlariga ishonmayman!» Muqaddasning bu ichki nidosini izohlash uchun
so‘z topolmayman. Bolalar uyi to‘g‘risidagi tasavvurlarim ro‘yo, ko‘rganlarim
chin bo‘lsa-da, bunda faqat bir narsa — o‘z ota-onasi mehriga zorlik dilni
o‘rtaydi. Tarbiyachilarning bir insonchalik mehribonligi, kuyib-yonishlari ham
qalbning darz ketgan nuqtasigacha yetib borolmaydi deb o‘ylayman beixtiyor.
O‘ylaymanu, ammo men ham Muqaddasning dadasi qaytib kelishiga ishonmayman.
Yaqinda redaktsiyaga bir xat kelgandi. Xat muallifi Kalinin rayon Erkin
mahallasida yashovchi yosh juvon. U yozadi: «Turmush o‘rtog‘im Nasiba ismli qiz
bilan bir oy Moskvada bo‘lib qaytishdi. Endi bo‘lsa Nasibaga uylanaman, deb
uydan chiqib ketdilar. Nahotki, bir qizning yengiloyoqligi sabab mening
bolalarim tirik yetim bo‘lib qolsa?…» Juvonning maktubda bitilgan iztiroblari
sabab bo‘lib, o‘sha qiz — Nasibani izlab topdim. Nasiba bilan uchrashgunimga
qadar uni aldangan, bir nokasning hiylalariga uchgan deb o‘ylardim. Lekin
aksincha bo‘lib chiqdi. Mahalla-ko‘y, rayon xotin-qizlar sovetining aralashuvi
ham Nasibani bu yo‘ldan qaytarolmagan ekan. O‘z qadrini, or-nomusini
bilmaganlar atrofdagilardan uyalish, ularni hurmat qilishni ham bilmaydi.
Shunday qilib Nasiba bir oila daraxtining ildizini chiritdi. Gullab, endigina
g‘o‘raga aylangan ne’matni yer bilan bitta qildi — farzandlar manglayiga «tirik
yetim» muhrini bosdi. O‘z farzandlarini xo‘rlab, o‘zgacha ko‘ngilxushlikni
izlab ketayotgan beburd otalar, nomusini sariq chaqaga ravo ko‘radigan
Nasibalar, afsuski, juda ko‘p.
Grajdanlik qonunlarimizni
o‘rganib chiqarkanman, bir taklif ko‘nglimdan kechdi. Bolasini tug‘ruqxona,
ko‘cha-ko‘yda tashlab ketayotgan andishasizlar, o‘z oilasiga xiyonat qilganlar
va qonunsiz qovushib ketayotgan badaxloqlarga nisbatan ham qandaydir qonuniy
jazo choralarini qo‘llash fursati yetdi. Shunday mulohazalarim bilan Kalinin
rayon prokurori Baxtiyor Abdusalomovga murojaat qildim. U shunday deydi:
—
To‘g‘ri, bizning grajdanlik qonunlarimiz bir tomondan juda shafqatli ko‘rinadi.
Bundan yengiloyoqlar manfaatlanib qolishyapti. Xiyonat ko‘chasiga kirgan er
yoki xotin oilasidan nolib ajrim uchun «munosabatlarimiz to‘g‘ri kelmay qoldi»
mazmunida sudga ariza topshiradi. Sudning belgilangan muddati tugagach, sud
ajrim uchun hukm chiqaradi. Oqibatda begunoh bolalarning tirik yetim bo‘lishi
hech kimni o‘ylantirmaydi, tashvishga solmaydi. Jamiyatimiz insonparvar
jamiyat. Partiya va hukumatimizning yetim bolalarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi
beqiyos. Bizning o‘tmish tariximizda hech qachon bo‘lmagan — etim bolalar uchun maxsus fond
ajratilishi ham quvonarli, ham kishini o‘ylantiradigan holdir. Sizning
fikringizga qo‘shilaman: o‘z bolasini tashlab ketayotgan ota-ona, nomusini
toptab, tinch oilalarning osoyishtaligini buzayotgan xotin-qizlarga nisbatan
qonuniy jazo belgilansa foydadan xoli bo‘lmaydi. Biz shunday qilaylikki,
insonning ma’naviy, ruhiy dunyosi sira shikastlanmasin.
Bundan uch yarim asr avval
yashab o‘tgan farang faylasufi Blez Paskal insoniyatga shunday baho berib
ketgan edi: «Odamlar o‘zini gunohkor hisoblaydigan halol kishilar va o‘zini
halol hisoblaydigan gunohkorlardan iborat». Bas, shunday ekan gunohlarimiz
ortmasdan turib o‘zimizning axloq dunyomizni poklab olaylik. Axir insonlar
bir-biriga baxtiqarolik keltirish uchun yashamaydilar-ku!
Chillaxonalarda ko‘z ochgan
jonning sarsonligi hamda mehr izlab sarg‘ayishlarini istamayman. Yashash — insonga bir marta berilgan ne’mat. Shu
ne’matning butun hamda to‘kin bo‘lishini istayman. Mo‘jaz uylarda go‘daklarning
xandon kulgisi jaranglashini istayman. Yana ko‘p narsani istayman… Istaklarim
faqat Yorug‘lik.
* * *
Bu g‘arib
nigohlar iskanjasida
Tunlarim
cho‘zilar, yo‘qolar tinchim.
Bolajon,
nomingni bilaman, ammo
Atab chaqirmoqqa
yetmaydi kuchim.
Hayot bir
tomosha sahnasi monand
Nuqul
yaxshilikni qilar targ‘ibot.
Afsus,
qo‘llaringga tutmas xo‘rozqand
Sahna ortidagi
toshbag‘ir hayot.
Jajji
kaftlaringda tugilgan bu tosh
Otilmay
sirg‘alib tushadi yerga.
Ishonib
yashaysan munis enagang
Aytgan ezgu
aldov ertaklariga.
Sen yolgon
so‘ylashni bilmaysan, yo rab
Aldovlar-ku seni
yashatib qo‘ygan.
Boqqan
nigohlarga aytasan titrab:
«Mening ota-onam
frontda o‘lgan».
Namchil
kipriklaring tundan qarodir,
Qorachig‘ing
uyg‘oq xayollarimda.
Yurakka sig‘inib
yashaysan endi
AHD bilan
PAYMONning oralig‘ida.
Комментарии
Отправить комментарий